Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahri va viloyati hududida 19,7 kg sintetik narkotik moddalarni musodara qildi.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda sotish uchun tayyorlab qo‘yilgan 4 kg 824 gr “Mefedron”, 3 kg 274 gr “Spays” va 2 kg 130 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositalari borligi ma’lum bo‘lgan. Aniqlanishicha, ushbu narkotik moddalar mamlakatga bojxona nazoratini chetlab o‘tgan holda, Qozog‘istondan olib kelingan. Kelgusida ularni kichik bo‘laklarga bo‘lib, internet orqali sotish rejalashtirilgan.

Boshqa holatda 3 nafar shaxs Toshkent viloyati Zangiota tumanida 3 dona avtomobil ehtiyot qismi (kardan vali) ichiga yashirilib, Rossiyadan yuk avtomashinasida yuborilgan 3 kg 780 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan. Ular tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ushbu narkotik moddalarni internetda sotmoqchi bo‘lishgan.

Uchinchi holatda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaroning Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi vaqtincha yashash xonadonidan 5 kg 687 gr “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi topilgan. Mazkur shaxs Rossiyadan keltirilgan ushbu kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni kichik bo‘laklarda Yangihayot va Sergeli tumanlari hududidagi xufiya joylarga yashirib, so‘ngra ularni Telegram messenjeri orqali mijozlarga sotishni reja qilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Moddalar tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.