2023-yil 27-martda O‘zbekiston qonunchiligiga tibbiyot xodimlarining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki ularga har qanday shaklda noqonuniy ta’sir ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartishlar kiritilganidan buyon sudlar tomonidan 87 nafar shaxsga jarima solish yoki qamoqqa olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar berdi.

2023-yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning yangi 197−7-moddasi bilan 62 nafar shaxs aybdor deb topilib, ulardan 40 nafari jarimaga tortilgan, 22 nafar mansabdor shaxsga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan.

2024-yilning birinchi choragida 25 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Jumladan, 14 nafariga jarima, 11 nafariga qamoq jazosi qo‘llangan.

Ushbu moddada nazarda tutilgan jazo fuqarolarga — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga — 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solish yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishni nazarda tutadi.

Ma’lumot

O‘zbekistonda bemorlar va ularning yaqinlari tibbiyot xodimlariga hujum qilgani haqidagi xabarlar muntazam ravishda paydo bo‘lmoqda. Tez yordam brigadalari, shu jumladan, haydovchilar, ayniqsa, xavf ostida. O‘zgartirishdan ko‘zlangan maqsad tibbiyot xodimlarining huquqlarini himoya qilish, ularning kasbiy faoliyatiga aralashishning oldini olish hamda shifokor kasbining mavqei va nufuzini oshirishdan iborat edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2019-yilda shifokorlarga qilingan tajovuzlar uchun jinoiy javobgarlik belgilashni taklif qilgan edi. SSV tomonidan ishlab chiqilgan loyiha fuqarolarning shifokorlarga tajovuzlarini og‘irlashtiruvchi holatlar bilan bezorilik deb tasniflashni nazarda tutgan edi. Ushbu moddaning eng yuqori jazosi 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir.

“Mavjud jinoiy qonunchilikda tibbiyot xodimlariga hujum qilish va ularga tan jarohati yetkazish uchun nisbatan yengil jazolar nazarda tutilgan”, — degandi o‘shanda SSV yuridik boshqarmasi boshlig‘i Ruslan Muhammadiyev. Ba’zida tibbiyot xodimlarini tuzatib bo‘lmas darajada jarohatlaganlar ham jazosiz qolishgan, degan u.