Soliq qo‘mitasi 2024-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha mamlakatning eng yirik 20 ta davlat ishtirokidagi va xususiy sektor soliq to‘lovchilarini e’lon qildi.

soliqлар, soliq qo‘mitasi, soliq to‘lovchilar, top-20 soliq to‘lovchilar

Yanvar-mart oylarida 2186 ta yirik soliq to‘lovchi tomonidan 24,5 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘langan bo‘lib, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga (21,6 trillion) nisbatan 13,4 foizga ko‘pdir.

Shundan 12,5 trillion so‘mi davlat ulushi bo‘lgan 10 ta soliq to‘lovchiga to‘g‘ri keldi. O‘ntalikning eng yuqori soliq to‘lovi stavkasi bo‘yicha yetakchisi Navoiy kon-metallurgiya kombinati — 6,22 trillion so‘m.

Keyingi o‘rinlarda: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati — 1,96 trillion so‘m, aholi va tadbirkorlik subyektlarini gaz bilan ta’minlovchi “Hududgazta’minot” — 899,1 milliard so‘m, UzGasTrade — 842,4 milliard so‘m, “O‘zbekneftgaz” — 721,2 milliard so‘m.

Davlat ulushi bo‘lgan yirik soliq to‘lovchilar orasida oltinchi-o‘ninchi o‘rinlarni quyidagilar band etdi: “Navoiyuran” — 491,3 milliard so‘m, “O‘ztransgaz” — 418,6 milliard so‘m, UzAuto Motors — 324,3 milliard so‘m, “Navoiyazot” — 314,4 milliard so‘m va “O‘zbektelekom” — 302 milliard so‘m.

Yana 2 trillion so‘m soliq 10 ta xususiy korxona hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ushbu o‘ntalikda 1994-yildan buyon tamaki va tarkibida nikotin bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarayotgan UZBAT qo‘shma korxonasi barqaror tarzda birinchi o‘rinni egallab turibdi — 646 milliard so‘m.

Keyingi o‘rinda turli murakkablikdagi sanoat va texnologik obyektlarni qurishga ixtisoslashgan Enter Engineering kompaniyasi — 323 milliard so‘m.

Uchinchi o‘rindagi yana bir tamaki korxonasi — Tashkent Tobacco uch oyda 199 milliard so‘m to‘lagan.

Keyingi o‘rinlarda ikkita bank: “Kapitalbank” — 198 milliard so‘m va “Hamkorbank” — 142 milliard so‘m.

Oltinchi o‘rinda 141 milliard so‘m bilan neft-gaz korxonalariga quduqlar qurish va kapital ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi Eriell neft-servis kompaniyasi.

Yettinchi o‘rinda Unitel (Beeline) uyali aloqa operatori — 133 milliard so‘m.

2023-yil may oyida ro‘yxatdan o‘tgan Gid License Plate xorijiy korxonasi yanvar-mart oylarida 102 milliard so‘m soliq bilan sakkizinchi o‘rinni egalladi. Bu korxona yaqinda qabul qilingan mopedlar va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasida eslab o‘tilgandi. Loyihada avtomobil raqamlarini auksion orqali oshirilgan stavka bo‘yicha sotishdan tushgan mablag‘lar taqsimotini o‘zgartirish taklif etilmoqda: har bir raqamdan BHMning 3,5 baravari (1,19 million so‘m) — Gid License Plate kompaniyasiga, qolgan summaning 80 foizi — davlat budjetiga, 20 foizi — Ichki ishlar vazirligining maxsus jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Bunga Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 1-iyuldagi 224−35-sonli (ommaga ochiq emas) avtomobil raqamlari ishlab chiqarishni xususiy sektorga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori asos bo‘lgan.

Universal Packing Masters kompaniyasi 79 milliard so‘m bilan to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. U Xitoyda polimer qadoqlash materiallarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri bo‘lgan DA WEI zavodining O‘zbekistondagi vakili hisoblanadi.

10-o‘rinda Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘iga egalik qiluvchi Anglesey Food kompaniyasi joylashgan — 68 milliard so‘m.

O‘tgan yilga nisbatan nimalar o‘zgardi?

Soliq qo‘mitasi 2023-yilning birinchi choragi uchun ma’lumotlarni e’lon qilmagan, ammo o‘tgan yilning 11 oyi uchun ma’lumotlar mavjud bo‘lib, unda top-20 talik quyidagicha joylashgan:

Davlat korxonalari orasida:

  1. NKMK — 22,29 trillion so‘m,
  2. OKMK — 7,85 trillion so‘m,
  3. “O‘zbekneftgaz” — 4,32 trillion so‘m,
  4. “Navoiyuran” — 2,61 trillion so‘m,
  5. UzGasTrade — 2,59 trillion so‘m,
  6. “Hududgazta’minot” — 2,4 trillion so‘m,
  7. UzAuto Motors — 1,5 trillion so‘m,
  8. “Issiqlik elektr stansiyalari” — 1,4 trillion so‘m,
  9. “Hududiy elektr tarmoqlari” — 1,24 trillion so‘m,
  10. “O‘zavtosanoat” — 1,12 trillion so‘m.

Xususiy sektor korxonalari orasida:

  1. UZBAT — 2,18 trillion so‘m,
  2. Unitel — 687 milliard so‘m,
  3. Eriel O. S. M. E. DMCC — 675 milliard so‘m,
  4. “Kapitalbank” — 552 milliard so‘m,
  5. Tashkent Tobacco — 480 milliard so‘m,
  6. “Hamkorbank” — 418 milliard so‘m,
  7. Enter Engineering — 407 milliard so‘m,
  8. Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan — 293 milliard so‘m,
  9. International Beverages Tashkent (Pepsi va boshqa ichimliklar ishlab chiqaruvchisi) — 238 milliard so‘m,
  10. Sanoat Energetika Guruhi — 228 milliard so‘m.