Xitoydagi yirik shaharlarning qariyb yarmida “o‘rtacha va jiddiy” cho‘kish kuzatilmoqda. Bu mahalliy aholi uchun suv toshqini xavfini oshiradi, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi tufayli dengiz sathi ko‘tariladi, deb yozmoqda Reuters Janubiy Xitoy pedagogika universiteti olimi boshchiligidagi tadqiqotga tayanib.

Olimlar kosmik radar interferometriyasi usulidan foydalangan va 2015-yildan 2022-yilgacha Xitoyning 82 ta yirik shahrida yerning cho‘kish darajasini baholagan. Shu tariqa ular ushbu davrdagi shahar landshaftining balandligini hisoblab chiqqan.

Tadqiqotchilarning aniqlashicha, Xitoy shaharlarining 45 foizi yiliga uch millimetrdan ko‘proqqa pasaygan, 16 foizi, shu jumladan, Pekin, yiliga 10 millimetrdan ko‘proq tezlikda cho‘kmoqda.

Tadqiqotchilarga ko‘ra, yerning cho‘kishiga sabab bo‘lgan asosiy omillardan biri yerosti suvlari sathining pasayishi hisoblanadi. Vaziyat iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelgan qurg‘oqchilik tufayli yanada og‘irlashgan. Yerning cho‘kishi, shuningdek, uning ustida turgan binolarning og‘irligi tufayli ham sodir bo‘ladi.

“Yer cho‘kishi unda yoriqlar paydo bo‘lishiga olib keladi, binolar va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazadi va suv toshqini xavfini oshiradi”, — deyiladi tadqiqotda.

Olimlarning ogohlantirishicha, Xitoyning shahar aholisi 900 milliondan oshgani hisobga olinsa, “hatto yerning kichik bir qismidagi cho‘kish ham mamlakat uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin”. Boshqa tomondan, cho‘kishlar allaqachon yillik 7,5 milliard yuandan (taxminan 1 milliard dollar) ko‘proq zarar keltirib bo‘lgan.

Bundan holatlardan eng og‘iri, masalan, Xitoy shimolidagi 15 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan Tyanszin shahrida kuzatildi. O‘tgan yili ko‘p qavatli uylar yonida katta yoriqlar paydo bo‘lganidan keyin minglab aholi evakuatsiya qilingandi. Tyanszin hukumati hodisani “to‘satdan paydo bo‘lgan geologik falokat” deb atadi va geotermal quduqlarni burg‘ulash hududdagi yerlarning cho‘kishiga olib kelganini istisno qilmadi.