Shavkat Mirziyoyev 19-apreldagi qarori bilan professional konsultantlarni jalb qilgan holda xalqaro bozorda auksionga qo‘yiladigan davlat aksiyalari paketlari (ulushlari) ro‘yxatini tasdiqladi.

Gap davlat ishtirokidagi yetti kompaniya haqida ketmoqda:

  • Dehqonobod kaliy zavodi (100 foiz) — 2024-yil IV choragida;
  • Samarqand avtomobil zavodi (SamAuto) (75,2 foiz) — 2024-yilning IV choragida;
  • “O‘zbekinvest” sug‘urta kompaniyasi (79,4 foiz) — 2025-yilning I choragida;
  • “O‘zagrosug‘urta” (94,5 foiz) — 2025-yilning I choragida;
  • Inter Hotel mehmonxonasi (100 foiz) — 2025-yilning I choragida;
  • “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ (51 foiz) — 2025-yilning II choragida;
  • Toshkent metallurgiya zavodi (49,9 foiz) — 2025-yilning II choragida.

Prezident 2024-yil 1-iyulga qadar mas’ul konsultant taklifiga asosan “Issiqlik elektr stansiyalari” yoki AJ tarkibidagi yakka tartibdagi issiqlik elektr stansiyalarining ustav kapitalidagi 51 foiz va undan ortiq davlat ulushini xususiylashtirishni boshlashni buyurdi.

Korxona tarkibiga 4 ta IES (Sirdaryo, Tolimarjon, To‘raqo‘rg‘on va Angren), 3 ta IEM (Farg‘ona, Muborak va Toshkent), 3 ta xizmat ko‘rsatish korxonasi (O‘zenergota'minlash, O‘zenergota'mir, O‘zenergosozlash) va “Toshkent issiqlik markazi” MCHJ kiradi.

Kimyo sanoati korxonalarini xususiylashtirish va isloh qilish dasturidan kelib chiqib, Davlat aktivlari agentligiga 2024-yil oxirigacha Dehqonobod kaliy zavodi davlat ulushini (100 foiz) xususiylashtirish jarayonini yakunlash topshirildi.

Zavodni 2023-yil 1-oktabrgacha xususiylashtirish rejalashtirilgan edi, biroq foydali qazilmalar bazasini baholash maqsadida keyinga qoldirilgan.

Keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (O‘TTJ, mamlakat suveren jamg‘armasi) zavodning 165,1 million dollarlik muammoli qarzini va ular bo‘yicha foizlarini to‘lash uchun 1,9 trillion so‘m (102,16 million va 61,99 million dollar miqdoridagi O‘TTJ kreditlari va foizlar) yo‘naltirgan. Ya’ni jamg‘arma o‘z kreditini to‘lash maqsadida zavod aksiyalarini sotib olgan.

Zavod 123,67 million dollarga qurilgan, nominal ustav kapitali 2,66 trillion so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, 1-iyulga qadar “O‘zavtosanoat” AJning Samarqand avtomobil zavodi (SamAuto) ustav kapitalidagi 75,2 foiz ulushini professional konsultantlarni jalb qilgan holda auksionga qo‘yish ishlarini boshlash ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 2025-yilda to‘rtta yirik davlat kompaniyasi aksiyalarining 5 foizgacha bo‘lgan qismini xalqaro fond bozorida sotish rejalashtirilmoqda. “O‘zbekgidroenergo”ning ikkilamchi taklifi (SPO) II chorakka, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining birlamchi taklifi (IPO) III chorakka, “O‘zbektelekom” va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining IPO`lari IV chorakka rejalashtirilgan.

Xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rishga ishchi guruhlar javobgar bo‘ladi. Kompaniyalarning moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlar bo‘yicha tayyorlash, shuningdek, konsultantlarni jalb qilish, xalqaro reytinglarni olish, anderrayterlar faoliyatini va marketing materiallarini tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish ularning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Prezident avvalroq O‘zbekistonda davlat mulki obyektlarini xususiylashtirishni jadallashtirish to‘g‘risidagi qarorni ham imzolagan edi. 247 ta korxona, xususan, Humo to‘lov tiziminining davlat ulushlarini sotish, 1000 dan ortiq ko‘chmas mulk obyektlari va 12 ta yirik korxona aksiyalarini ommaviy bozorga joylashtirish rejalashtirilgan. Sotilmay qolgan yer uchastkalarining narxi asta-sekin pasayadi.

Joriy yilda xususiylashtirish jarayonlarida 400 ta korxonadagi ulushlar, 800 ta korxonadagi ko‘chmas mulk va 2 ming gektar yer maydonlarini sotishdan 20 trillion so‘m daromad olish kutilmoqda.

Avvalroq “O‘zbekneftgaz” ning yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i, Chinoz neftni qayta ishlash zavodi, Perfectum mobil aloqa operatori va Uzpaynet to‘lov xizmati xususiylashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Bitimlar rasman e’lon qilinmagan.